🔷 2026-yil 6–9-iyul kunlari Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan INNOPROM–2026 xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi delegatsiyasi xorijiy hamkorlar bilan qator muhim uchrashuv va muzokaralar o‘tkazmoqda. Ko‘rgazma doirasidagi uchrashuvlarda to‘qimachilik sanoatini modernizatsiya qilish, eksport geografiyasini kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash hamda xalqaro investitsiyalarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

🔷 Xususan, Ingushetiya Respublikasi Sanoat vaziri Tatriev Magomet Nikolayevich bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ikki hudud o‘rtasida malakali mutaxassislar almashinuvi, qo`shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

🔷 Shuningdek, “Texmash Xolding” kompaniyasi direktori Kalinin Vladimir Mixaylovich bilan O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalaridagi to‘quv uskunalarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda texnik hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

🔷 Muzokaralar davomida Rossiyaning yirik elektron savdo platformalaridan biri — Sima-Land.ru rahbariyati bilan o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini platforma orqali Rossiya bozoriga kengroq olib chiqish, savdo hajmini oshirish va yangi distribyutorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

🔷 Bundan tashqari, Tyumen viloyati Yengil sanoat komiteti vakillari bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, hududlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib borildi.

🔷 Yana bir muhim uchrashuv Sber India kompaniyasi vakili Praveen Chaudhary bilan bo‘lib o‘tdi. Unda Hindistonning yirik to‘qimachilik kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish, mamlakatimizda ularning filiallarini tashkil etish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

🔷 INNOPROM–2026 doirasida o‘tkazilayotgan mazkur uchrashuv va muzokaralar O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, eksport salohiyatini oshirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, bu kabi muloqotlar mamlakatimiz yengil sanoatining global qiymat zanjirlariga integratsiyasini jadallashtirish va xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Post comment